Mazkur xabar yuzasidan Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida quyidagilar aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 18 oktabrdagi PF-6324-sonli Farmoniga ko‘ra qabul qilingan Toshkent shahar hokimi hamda hamda Sergeli tumani hokimining tegishli qarorlariga asosan, 2021 yil 1 noyabrdan boshlab tumandagi fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasi tuman hokimligidan tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi zimmasiga yukaltilgan. Kuzatilgan mazkur tashkiliy o‘zgarish sabab mahalla xodimlariga ish haqi va boshqa to‘lovlarni to‘lash muddati kechikkan.
Olib borilgan tezkor choralar natijasida joriy yilning 9 dekabr kuni Sergeli tumanidagi fuqarolar yig‘inlari xodimlarining 2021 yil noyabr oyiga tegishli ish haqi va boshqa qo‘shimcha to‘lovlar, shuningdek, bir guruh xodimlarga 11 oylik yakunlari bo‘yicha oylik maoshlariga 30% miqdoridagi ustama haqi to‘liq to‘lab berildi.
Sergeli tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas’ullari ishtirokida mahalla xodimlarining murojaatlariga jiddiy munosabatda bo‘lish hamda o‘zaro muloqot madaniyatiga qat’iy rioya etish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi