15 Noyabr 2021,11:00 866
Chop etish

Ilmiy salohiyat badiiy mahorat bilan uyg‘unlashsa...

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Yangi O‘zbekiston ilm yulduzlari» intellektual ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va «Olima» uyushmasi tomonidan 2011 yildan buyon har ikki yilda bir marotaba xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan shu nomdagi tanlovning shahar bosqichi bo‘lib, uchta keyingi bosqichga o‘tuvchi covrindorlar aniqlandi. Bundan tashqari, «Eng innovatsion g‘oya sohibasi», «Eng mohir ilm sohibasi», «Eng zukko va topqir ishtirokchi», «Eng mohir milliy qadriyatlar targ‘ibotchisi», «Tomoshabin e’tiboriga sazovor ishtirokchi» nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi.

E’tiborli tomoni shundaki, mazkur tanlov fidoyi, jonkuyar va ilmga chanqoq xotin-qizlarning ilmiy izlanishlarini faol qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida fan nomzodi unvoniga ega, katta ilmiy xodim-izlanuvchi, mustaqil tadqiqotchi sifatida oliygohlarda jiddiy izlanishlar olib borayotgan zukko va iqtidorli qizlar o‘rtasida o‘ziga xos bahs sifatida tashkil etib kelinadi. Zero, zehni va shuuri boy ayollargina hamisha va har qanday buyuk millatga ma’naviy beshik bo‘lib kelgan.

Nomzodlar o‘zlarining ilmiy faoliyat va izlanishlari haqidagi 5 daqiqalik videolavha, «Yoshlar kelajak poydevori» mavzusidagi berilgan savollarga javoblar, shuningdek, O‘zbekistonning tarixi va bugungi kuniga oid ma’lumotlarni xorijiy (ingliz, nemis yoki fransuz) tillarda burro va tezkor so‘zlab berish kabi murakkab shartlarga javob qaytardi. Bir so‘z bilan aytganda, ishtirokchilar ilmiy salohiyatni badiiy mahorat bilan uyg‘unlantirishga intilib, imkoniyatlarini ommaga ko‘rsatdilar.

 Tabiiyki, tanlovda bevosita iste’dodli yosh olima qizlarimiz ishtirok etgani sababli shartlarga kiritilgan savollar orasida ko‘proq gender tengligi, joriy yil Davlat dasturi bandlari, oliy ta’lim sohasidagi islohotlar, xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va ularning huquq manfaatlarini ifoda etuvchi qonunchilik hujjatlari haqida bordi,  deydi Toshkent shahar «Olima» uyushmasi raisi, siyosiy fanlar doktori, professor, E’tibor Sultonova.  Yurtimizda tanlovlar ko‘p, biroq bu yuqori intellektual darajasi, yondashuvlardagi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadigan ko‘rikdir.

 Biz mamlakatimizda olimlarga, ilmga, umuman ayollarga yaratib berilayotgan rag‘batni o‘zimiz misolimizda ham yurakdan his qilib turibmiz,  deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, «Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi» ixtisosligi 1-bosqich tayanch doktoranti, tanlov g‘olibi Yulduzxon Imomova.  Biz kelgusi taqdirimizni fan bilan bog‘lar ekanmiz, bu g‘oyatda mas’uliyat va ko‘plab izlanishlar talab etadigan mashaqqatli yo‘l ekanini yaxshi tushunamiz. Shuning barobarida, dunyoga O‘zbekistonni bilimli va yuksak madaniyatli ayollar timsolida ko‘rsatishni ham jon dilimiz bilan istaymiz. Tanlov shubhasiz, bizni ijtimoiy faolligimizni oshirishga kuchli motivatsiya bag‘ishladi.

Maftuna A’zamjonova.

Call-center
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech