Viloyat yangiliklari 28 Sentyabr 2021,11:52 1045
Chop etish

Navoiyda obod qishloqlar soni yana bittaga ko'paydi

“Obod qishloq” dasturi amalda
Istiqlol yillarida yurtimizda barcha sohalarda ulkan oʼzgarishlar amalga oshirildi, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tubdan oʼzgarib, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilda birgina Navoiy viloyati Nurota tumanidagi 2 ta – Temirqovuq va Qizilcha qishloqlarida keng koʼlamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Bugungi kunda Qizilcha qishlogʼida 918 ta xonadon mavjud boʼlib, dastur doirasida aholi xonadonlarini tartibga keltirish, kommunikatsiya tarmoqlari va yoʼl infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha obʼektlarini qurish va taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi.

Shuningdek, 25 ta xonadonning uy tom qismi shifer qilindi. Madaniyat markazi binosi, qishloq vrachlik punkti, 2 ta zamonaviy bekat yangidan qurilgan boʼlsa, Xotira maydoni, 22-umumtaʼlim maktabi binosi, bolalar va oʼsmirlar sport maktabida toʼliq kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Hududda savdo va xizmat koʼrsatish sohasini rivojlantirish maqsadida mavjud xizmat koʼrsatish va savdo obʼektlari zamonaviy arxitektura, qurilish talablari asosida mukammal taʼmirlanib, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida 100 oʼrinli tikuvchilik korxonasi hamda 5 ta yangi savdo va xizmat koʼrsatish obʼekti barpo etildi.

Qishloqda mavjud turar va noturar joy obʼektlarining barchasi toʼliq xatlovdan oʼtkazilib, kadastrlar palatasi tomonidan mazkur obʼektlarning kadastr hujjatlari tayyorlanmoqda.

“Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida tuman yoʼllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan qishloqdagi 32 km. ichki yoʼllariga shagʼal tashlandi, 3 km. yoʼlga asfalьt yotqizildi va 1 km. uzunlikda piyodalar yoʼlagi qurib bitkazildi. Qariyb 3 km. avtomobilь yoʼllari hududiga tungi yoritkich chiroqlari oʼrnatildi.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qishloq aholisining elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash maqsadida 400 ga yaqin yangi beton tayanchlar oʼrnatilib, 11 km. elektr tarmoqlari rekonstruktsiya va mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan boʼlsa, 3 dona yangi trasformator oʼrnatilib, mavjud 3 ta transformator joriy taʼmirlandi.

Аyni paytda hududdagi aholining ichimlik suviga boʼlgan talab va ehtiyojini toʼlaqonli qondirish maqsadida 26 km. uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlarini yangidan qurish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun umumiy hisobda qariyb 25 milliard soʼm, shundan, byudjet va maqsadli jamgʼarmalar mablagʼlari hisobidan 21 milliard soʼm, homiylar va ijrochilar mablagʼlari hisobidan 4 milliard soʼm mablagʼlar oʼzlashtirildi.

Bugun esa Qizilcha qishlogʼi obod va koʼrkam qishloqqa aylanib, bu yerda istiqomat qiluvchi aholiga qator qulayliklar yaratildi.

Call-center
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech