Jamiyat 7 Avgust 2021,15:58 871
Chop etish

“Ofat va matonat” kitob taqdimoti

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O'zbekiston” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Ofat va matonat” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kitobda so‘nggi yillar davomida koronavirus kasalligining keng tarqalishi ortidan butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda kechgan murakkab vaziyat va bu sinovli kunlarda xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, jonbozligi aks ettirilgan. Jumladan, Davlatimiz rahbarining tashabbusi va bu borada olib borilgan tezkor choralar natijasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish, hududlarda sanitar-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgani bayon etilgan.
Shuningdek, kitobda mana shunday og‘ir pandemiya sharoitida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro‘y bergan tabiiy ofat talofatlarini tezda bartaraf etish va jabr ko‘rgan vatandoshlarimizga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha davlatimiz va xalqimizning o‘zaro birdamligi, matonati hayotiy misollar yordamida keng yoritib berilgan.
Aytish lozimki, ushbu qiyin va murakkab davrda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizdagi ehtiyojmand va muhtoj oilalar, keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida ko‘plab ishlar olib borildi. Ushbu choralar natijasida davlatimiz tomonidan nafaqat o‘z xalqimizga, balki qator qo‘shni va xorijiy respublikalarga ham doimiy insonparvarlik yordamlari ko‘rsatildi. Ularga muntazam ravishda dori-darmon, tibbiy vositalar hamda oziq-ovqat mahsulotlari yuborildi.
Kitob taqdimotida ishtirok etgan qator vazirlik va idora vakillari, xususan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlari mavzuning mazkur jihatlari hamda nashrning yoshlar tarbiyasini oshirish, ularda vatanparvarlik va yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirishdagi muhim o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Shu ma’noda “Ofat va matonat” kitobi keng jamoatchilik e’tiborini qozongan va xalqimizning chinakam jasorat va matonati ramziga aylangan nashr sifatida barcha kitobsevarlar qalbidan munosib joy egallashiga ishonamiz.

Call-center
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech