Mahalla 22 Noyabr 2021,17:56 1429
Chop etish

Sohaga oid qator muhim masalalar muhokama etildi

Bugun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev raisligida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, mahalla hududlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirlik mas’ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari rahbariyat va tegishli bo‘limlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida sotsiologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori Mansur Bekmurodov tomonidan mahallalarda joriy etilayotgan “hokim yordamchisi” lavozimining aosiy vazifalari, joylarda ushbu lavozimga tanlovlar jarayonida e’tibor berilishi zarur bo‘lgan asosiy jihatlar haqida keng tushunchalar berildi. “Hokim yordamchi”lari va mahalla xodimlarining o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Vazir o‘rinbosari ta’kidlanganidek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda olib borilayotgan keng islohotlar samarasini bevosita mahallalarda aks ettirish va ushbu noyob institutni mahalliy hokimliklar bilan bog‘lash maqsadida har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etilmoqda.

Aytish lozimki, ushbu mas’uliyatli vazifa egalari mahallalarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga bevosita mas’ul bo‘ladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 noyabr kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida qilgan nutqida ta’kidlanganidek, hokimliklar va mahallalarning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish maqsadida tuman va shaharlar budjeti qo‘shimcha manbalar bilan ta’minlanadi hamda mahallalarning alohida jamg‘armalari shakllantiriladi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2021-yil 18-oktabrdagi PF-6324-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha tahlil etildi.

Farmonga muvofiq, joriy yil 1-noyabrdan boshlab tarkibida xonadonlari soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolar yig‘ini xodimlari oylik lavozim maoshlariga 35 foiz qo‘shimcha ustama belgilash, shuningdek, mahallalarni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tizimi joriy etilmoqda.

Shuningdek, fuqarolar yig‘inlarining kommunal to‘lovlarini to‘lash maqsadida 2021-yilda 8,8 mlrd so‘m, 2022-yildan boshlab esa 18 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi, mahallalar bino va inshootlarini xatlovdan o‘tkazish va boshqa mol-mulklarini o‘zlarida qoldirish, tuman (shahar) hokimliklariga tegishli bo‘lgan hamda bugungi kunga qadar mahalla tomonidan foydalanib kelingan bino hamda inshootlar tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilishi belgilangan.

Vazir o‘rinbosari B.Parpiyev mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash, xususan, bino va inshooatlarni xatlovdan o‘tkazishda sustkashlikka yo‘q qo‘yayotgan tegishli hududlar rahbarlariga zarur ko‘rsatmalar berdi. Bu borada ayniqsa, Namangan, Buxoro, Jizzax, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida biror natijaga erishilmaganligi tanqid qilindi.

Yig‘ilishda muhim masalalardan yana biri sifatida ayni vaqtda yurtimizning barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng miqyosda olib borilayotgan daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlari muhokama etildi.

Aytib o‘tilganidek, loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish belgilangan bo‘lib, shu maqsadda joriy yilning 10 dekabriga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilingan.

Yig‘ilishda keng ko‘lamli ushbu tashabbuslarda faol ishtirok etmayotgan hududlar faoliyati keskin tanqid ostiga olindi. Xususan, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bugungi kunga qadar ko‘chat ekish hajmlari tasdiqlanmaganligi, Xorazm, Sirdaryo, Navoiy viloyatlarida bu borada ish to‘g‘ri tashkil etilmayotganligi aytib o‘tildi.

“Dolzarb 40 kunlik” davomida daraxt ekish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan hududiy bo‘linmalar mas’ul xodimlariga zarur topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Vazir o‘rinbosari mahalla binolarini qurish va ta’mirlash borasida olib borilayotgan ishlar tafsilotiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-fevraldagi 46-sonli qaroriga asosan joriy yilda 1 881 ta mahalla binolari qurilishi belgilangan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar ushbu rejaning 63,7 foizi bajarilganligi, 223 ta mahalla binosi qurilishi hozirga qadar boshlanmaganligini tanqid qildi.

Tahlillarga ko‘ra, Jizzax viloyatidagi 88 ta, Surxondaryo viloyatidagi 73 ta, Navoiy viloyatidagi 20 ta, Samarqand viloyatidagi 85 ta, Farg‘ona viloyatidagi 112 ta, Buxoro viloyatidagi 71 ta, Qashqadaryo viloyatidagi 57 ta, Xorazm viloyatidagi 61 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 37 ta, Namangan viloyatidagi 44 ta hamda Toshkent shahridagi 25 ta mahallalar binosi qurilmagan.

Keltirib o‘tilgan misollar asosida ushbu vazifa ijrosini yil yakuniga qadar bajarish bo‘yicha hududiy mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi 99-son qarorida belgilangan, 2021-yil 1-martdan boshlab “uyboshi” va “ko‘chaboshi”larni rag‘batlantirish tariqasida ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida har oyda kompensatsiya pul to‘lovlarini to‘lab berish ishlari ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, barcha mahallalardagi mavjud “uyboshi” va “ko‘chaboshi”larga belgilangan har oylik kompensatsiya to‘lovlarini to‘lab borish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga manzilli ko‘mak ko‘rsatish va belgilangan masalalari hal etilgan fuqarolarni ushbu ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahliliga to‘xtalar ekan, joriy yilda ushbu daftarga 15 119 ta oila yangidan kiritilganligi va hozirda “Temir daftar”da 34 842 ta oila mavjud ekanligi aytib o‘tildi.

Bu borada Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahar mas’ullariga ishni tizimli tashkil etish bo‘yicha kerakli topshiriqlar berildi. Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun qator hududiy mas’ullarga intizomiy choralar qo‘llash bo‘yicha taklif bildirildi.

Aholi murojaatlari bilan ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar xususida so‘z borar ekan, mahalla odamlarning dardu tashvishlari bilan yashaydigan eng xalqchil tuzilma sifatida har bir fuqaro bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish olib borishi zarurligi, buning uchun kelib tushayotgan murojaatlarga yanada e’tiborli bo‘lish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish so‘nggida keltirib o‘tilgan vazifalar ijrosi hamda kelgusi rejalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha zarur faoliyat yo‘nalishlari belgilab olindi.

Call-center
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech